Bozorvoy akaning yasagan mebellari jonning rohati edi, bay-bay-bay… Keksa otaxonlarning masjiddagi kravatidan tortib, mahalladagi hamma chaqaloqning beshigi ham shu akaning qo’lidan o’tardi.
Bozorvoy akaning o’zini sira bozorda ko’rmaysiz, uyidagi ustaxonadan ortmaydi, keladigan odamlar bir necha oylab navbat kutishga ham tayyor.
Bu akaning ishining o’zi reklama edi, mijozlari reklama edi, ustaxonasidan hech kim norizo bo’lib ketmagan. Har bir ishi biram bejirim ediki, ko’rgandan dil yayraydi.
Biror kishi Bozorvoy akadan nimadir oldimi, o’z tanishlariga maqtanar, to’g’ri ma’noda, faqat shu kishini ishonch bilan tanishtira olardi.
Og’izdan-og’izga o’tib, Bozorvoy akani yetti mahalla naridagilar ham, kerak bo’lsa boshqa shahardagilar ham tanib qolgan edi.
Aynan mijozlarning shu ko’rinishdagi oqimi – sarafan marketing deyiladi.
Hozirgi zamon korxonalari sarafan marketingdan foydalanishda keng auditoriyasi bor – influencerlar bilan ishlashadi. E’tibor bergan bo’lsangiz, qaysidir korxona mahsulotini mashhur odamga bepul yuboradi, u odam bu mahsulotdan foydalanib, uni maqtab, auditoriyasi bilan bo’lishadi. Muxlislar bo’lsa “yoppasiga” mahsulot shaydosiga aylanib, undan foydalanib ko’rishni xohlab qolishadi.
Agar mahsulot o’zini oqlasa, qarabsizki, odamlarning o’zi yaqinlariga – oila a’zolari, do’stlariga uni tavsiya eta boshlashadi. Shunda mahsulotni sotib olishga kelayotgan odamlar oqimi sarafan marketing orqali amalga oshayotgan bo’ladi.
Leave a Reply